
17 Mart, 2025
Samarqand - Madaniyatlar chorrahasi
Samarqand - madaniyatlar chorrahasi
Buyuk shoir va mutafakkirlar uni “ko‘ngil bog‘i”, “Sharq durdonasi”, “jahon ko‘zgusi”, hatto “Yerning jamoli” deb ataganlar, biroq bu nomlarning birortasi ham bu ko‘hna shaharning butun boyligini va go‘zalligini to‘la-to‘kis ifodalay olmaydi.
Samarqandni so‘z bilan tasvirlash mushkul - uni ko‘rish lozim. Bu shunday shaharki, go‘yo unda vaqt to‘xtab qolgan, bu yerda turli davrlar va madaniyatlar yonma-yon yashaydi. Samarqand Rim va Nankin bilan tengqur. U taxminan 2750 yillik tarixga ega bo‘lib, nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri sanaladi.
Shahar Amir Temur va uning avlodlari hukmronligi davrida o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga erishdi. Rivoyatlarga ko‘ra, Temur poytaxtni tanlash uchun turli shaharlar darvozalariga qo‘y go‘shtlarini osib qo‘ygan ekan. Bir oydan so‘ng u barcha shaharlarni aylanib chiqibdi: hamma joyda go‘sht buzilgan, ammo Samarqandda faqat qurigan ekan. Shunda buyuk Temur: “Bu yerda eng musaffo havo va sof tuproq bor”, deb aytgan ekan. Shu tariqa Samarqand Sohibqiron saltanatining poytaxtiga aylandi.
Keyinchalik, Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bekning sa’y-harakatlari bilan shahar jahon miqyosidagi ilm-fan markaziga aylandi. Samarqandning “Hayotda kamida bir marta bo‘sa-da tashrif buyurish lozim bo‘lgan 50 ta shahar” ro‘yxatiga kiritilgani bejiz emas.
Asosiy diqqatga sazovor joylar
Samarqand boy madaniy merosga ega bo‘lib, asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li tarixida muhim o‘rin tutib kelgan. XXI asr boshida shahar “Samarqand - madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Samarqandni kezar ekansiz, me’moriy yodgorliklarning ko‘pligidan hayratga tushasiz. Eng muhim diqqatga sazovor joylar quyidagilar:
Uchta ulug‘vor madrasa bilan o‘ralgan afsonaviy Registon maydoni o‘rta asrlardagi Samarqandning markazi bo‘lgan va bugungi kunda ham dunyoning eng ta’sirli maydonlaridan biri hisoblanadi.
Shohi Zinda muqaddas qabristoni - hayratlanarli me’morchilikka ega ziyoratgoh. Majmua
XI-XV asrlarda qurilgan feruza qoplamali maqbaralar qatorini o‘z ichiga oladi.
Go‘ri Amir maqbarasi - Amir Temurning dafn joyi bo‘lib, nafis temuriylar uslubida ishlangan, bo‘rtma gumbazi va bezakdor ichki qismi bilan ajralib turadi.
Bir paytlar islom olamidagi eng ulkan masjidlardan biri bo‘lgan muhtasham Bibixonim masjidi hamon o‘zining o‘lchami, ravoqlari va naqshinkor gumbazi bilan kishini lol qoldiradi. Uning yonida Bibixonim maqbarasi joylashgan bo‘lib, rivoyatlarga ko‘ra, bu yerda Amir Temurning rafiqasi dafn etilgan.
Samarqandning shimoliy chekkasida joylashgan Afrosiyob shaharchasi shahar tarixining eng qadimgi sahifalarini ochib beradi. Bu yerda 2000 yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan arxeologik topilmalar va freskalarni ko‘rish mumkin.
Ruhobod maqbarasi Samarqanddagi eng qadimiy maqbaralardan biri sanaladi. Rivoyatlarga ko‘ra, bu yerda mintaqada islom dinining tarqalishi bilan bog‘liq muqaddas yodgorliklar saqlanmoqda.
Boshqa diqqatga sazovor joylar qatorida shahar yaqinida joylashgan Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi ham bor. U buyuk islom allomasi, dunyodagi eng nufuzli hadis to‘plamlaridan birining muallifiga bag‘ishlangan.
Hunarmandchilik va suvenirlar
Samarqand yog‘och, mato va boshqa materiallardan tayyorlangan qo‘l mehnati buyumlari bilan mashhur. Ko‘plab ustaxonalar qadimiy madrasalarda joylashgan bo‘lib, bu yerda mahalliy ustalar o‘z an’analarini saqlab, avloddan-avlodga yetkazmoqdalar.
Samarqandning o‘ziga xos xususiyati shundaki, bu yerda mamlakatning boshqa hududlarida topish qiyin bo‘lgan noyob suvenirlar mavjud. Bibixonim masjidi yonidagi Siyob bozoriga albatta tashrif buyuring. Bu yerda quritilgan mevalar, yong‘oqlar, shirinliklar, Samarqand holvasi va mashhur nonlarning katta tanlovi bor.
X-XI asrlar texnologiyasi bo‘yicha tut po‘stlog‘idan qo‘lda qog‘oz tayyorlanadigan “Meros” fabrikasi alohida e’tiborga loyiq. Fabrika qoshidagi do‘kondan bu qog‘ozdan yasalgan original mahsulotlar: tabrik xatlari, yozuv daftarlari, niqoblar, qo‘g‘irchoqlar, sumkachalar va hatto kiyim-kechak elementlarini xarid qilish mumkin.
Samarqand taomlari
O‘zbekistonning aksariyat hududlarida bo‘lgani kabi Samarqandda ham asosiy taom - palov. Samarqand palovi deb nomlanuvchi mahalliy oshni aralashtirmasdan tayyorlashadi, bu esa har bir kishiga guruch, go‘sht va sabzining kerakli nisbatini tanlash imkonini beradi - bu taomni yanada yengil qiladi.
Palovdan tashqari, shaharda kabob, manti va albatta, Samarqand noni keng tarqalgan. Bu nonlar haqida chinakam afsonalar yuradi. Rivoyatlarga ko‘ra, bir kuni Buxoro amiri Samarqand nonini shunchalik yoqtirib qolganki, uning ta’mini o‘z yurtida yaratmoqchi bo‘lgan: un, suv, tandir uchun loy, hatto Samarqanddan novvoy ham olib kelgan - biroq barcha urinishlar zoye ketgan. Birorta tarkibiy qism o‘sha mashhur ta’mni bera olmagan. Oxir-oqibat, amir bu g‘oyadan voz kechib, nonni Samarqanddan buyurtma qilishda davom etgan.
Shahar bozorlarida yangi meva-sabzavot va turli xil yong‘oqlar ham mo‘l-ko‘l.
Fotolokatsiyalar
Samarqand nafaqat tarixiy shahar, balki ajoyib suratga tushish maskani hamdir. Shahardagi ko‘plab diqqatga sazovor joylar esdalik suratlar uchun go‘zal fon vazifasini o‘taydi.
Registon maydoni Samarqandning tashrif qog‘ozi hisoblanib, unda uchta mashhur obida - Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari joylashgan.
Go‘ri Amir maqbarasi Amir Temur, uning ustozi Mir Sayyid Baraka va Temuriylar sulolasi vakillarining dafn etilgan joyi hisoblanadi.
Imom al-Buxoriy xalqaro markazi yodgorlik majmuasi yonida joylashgan bo‘lib, o‘zining obod hududi bilan mashhur - sayr qilish va fotosessiyalar uchun ajoyib joy.
Muhim: diniy inshootlarni ziyorat qilishda mahalliy urf-odatlarga hurmat yuzasidan tananing ochiq qismlarini (yelka, orqa, oyoq) yopish tavsiya etiladi.