Buxoro - Islom madaniyati poytaxti banner
17 Mart, 2025

Buxoro - Islom madaniyati poytaxti

Buxoro - islom madaniyati poytaxti Buxoroi sharif 2500 yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biridir. Shahar islom ilm-fani, me’morchiligi va madaniyatining rivojlanishida muhim rol o‘ynagan. 1993-yilda Buxoro tarixiy markazi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va bugungi kunda o‘zining boy me’moriy va ma’naviy merosi bilan butun dunyo sayyohlarini ilhomlantirishda davom etmoqda. Buxoro tarixi Markaziy Osiyoda eng ko‘p hujjatlashtirilgan tarixlardan biridir. X asrda yashagan mashhur tarixchi Narshaxiyning yozishicha, hech bir shahar Buxorochalik ko‘p nomga ega bo‘lmagan. V asrga oid xitoy manbalarida Nyumi, Tan imperiyasida An, Ansi, Buxo, Buxe nomlari bilan tilga olinadi. Lekin ko‘pincha Buxoro deb atalgan. Tilshunoslarning fikricha, bu nom sug‘dcha buharak – “baxtli joy” so‘zidan kelib chiqqan. Bugungi kunda Buxoroda turli davrlarga oid 140 dan ortiq me’moriy yodgorliklar, shuningdek, bir necha asrlar oldin qurilgan tarixiy mahallalar saqlanib qolgan. Eski shahar afsonalar bilan o‘ralgan, shuning uchun Buxoroni ko‘pincha “ertaklar va she’riyat shahri” deb atashadi. Buxoroda nimalarni ko‘rish kerak Shaharning ramziy timsoli – 900 yildan ortiq vaqt davomida qadimiy shahar uzra qad rostlab, sayohatchilar avlodlari uchun yo‘l ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qilayotgan ulug‘vor Kalon minorasi bilan Poyi Kalon me’moriy majmuasidir. Ark qal’asi – Buxoro hukmdorlarining qadimiy qarorgohi bo‘lib, asrlar davomida bir necha bor vayron qilingan va qayta tiklangan. Bugungi kunda u shaharning asosiy tarixiy muzeylaridan biriga aylangan. IX-X asrlarda qurilgan Somoniylar maqbarasi ilk davr islom me’morchiligining nodir yodgorligi sanaladi. Chashmai Ayub (Ayub bulog‘i) – shaharga shifobaxsh buloq in’om etgan Ayub payg‘ambar haqidagi afsona bilan bog‘liq muqaddas joy hisoblanadi. Diniy yodgorliklar orasida, ayniqsa, Mag‘oki Attori masjidi, shuningdek, asrlar davomida mashhur ilohiyotshunoslar ta’lim olgan Ulug‘bek va Mir Arab madrasalari alohida ajralib turadi. Labi Hovuz ansambli – qadimiy hovuz atrofida qurilgan go‘zal me’moriy majmua. U hamon shaharliklar va sayyohlar uchun sevimli sayr joylaridan biri bo‘lib qolmoqda. Buxoro hunarmandchiligi va suvenirlari Shahar qadimdan o‘zining hunarmandchilik an’analari bilan dong taratgan. Buxoroda noyob qo‘l mehnati mahsulotlari sotiladigan ko‘plab do‘konlar va ustaxonalarni uchratish mumkin. Buxoro – O‘zbekistonning to‘qimachilik poytaxti. Bu yerda milliy naqshlar bilan bezatilgan kiyimlarni yoki hatto moda uylari kolleksiyalarida qo‘llanilgan ikat matosini xarid qilish mumkin. Shaharning yana bir faxri – gilamlar bo‘lib, ularning sifati Eron, Pokiston va Hindiston gilamlaridan qolishmaydi. Haqiqiy buyumlar ishqibozlariga Buxoro ustalari tomonidan yasalgan an’anaviy musiqa asboblari va qo‘lda ishlangan pichoqlar manzur bo‘ladi. Xarid qilish uchun eng yaxshi joylar – savdo gumbazlari va Labi Hovuz maydonidagi bozor bo‘lib, u yerda o‘z bilimlarini avloddan-avlodga yetkazayotgan ustalar savdo qilishadi. Buxoro gastronomiyasi Buxoro oshxonasi ta’m va an’analarga boy. Bu yerdagi asosiy taom, butun O‘zbekistondagi kabi, palov bo‘lib, u mamlakatning har bir hududida o‘ziga xos tarzda tayyorlanadi. Buxoro palovi, Oshi So‘fi nomi bilan mashhur bo‘lib, o‘ziga xos usulda tayyorlangani uchun parhez taom hisoblanadi – Toshkent yoki Andijon palovidan farqli o‘laroq, u aralashtirilmaydi, shuningdek, taom faqat mis qozonda pishiriladi. Yana bir an’anaviy taom – mahalliy aholi orasida mashhur bo‘lgan to‘yimli go‘shtli taom halisa (yoki qayish) hisoblanadi. Buxoroning an’anaviy taomlarini tashrif buyuruvchilar eski shahardagi ko‘plab restoran va choyxonalarda tatib ko‘rishlari mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashishAgar sizga maqola yoqqan bo‘lsa yoki uni foydali deb topsangiz, uni ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlaringiz bilan baham ko‘ring.